fbpx Betguru » Ruslan Nuriddinov yana katta sahnada. U jahon rekordini yangilab, Osiyo chempioniga aylandi
Friday, 26 April 2024
← Go to the news

Ruslan Nuriddinov yana katta sahnada. U jahon rekordini yangilab, Osiyo chempioniga aylandi

Toshkentdagi «Yunusobod» sport majmuasida qizg‘in davom etayotgan og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining bugungi dasturi yurtdoshlarimizga bir olam quvonch taqdim etdi.

Erkaklar o‘rtasida -109 kg vazn toifasidagi atletlar o‘rtasida kechgan bahsda hamyurtlarimiz umumiy hisobda 6ta medalga egalik qilishdi.

Quvonarli jihati, 24 aprel kungi bahslarda yosh sportchimiz Akbar Jo‘rayev Osiyo rekordini yangilagan bo‘lsa, oltin medalni qo‘lga kiritgan Ruslan Nuriddinov jahon rekordini o‘rnatdi.

Dast ko‘tarish mashqida xitoylik atlet Yang Chje sportchilarimizga jiddiy raqobat taqdim etdi va 200 kg toshni o‘ziga bo‘ysundirgan holda jahon rekordini yangiladi. Ushbu yo‘nalishda Akbar Jo‘rayev 194 kg natija bilan kumush, Ruslan esa 188 kg natija bilan bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Siltab ko‘tarish mashqida esa oltin medal uchun kurash faqat hamyurtlarimiz o‘rtasida kechdi. Dast ko‘tarish mashqida g‘olib chiqqan xitoylik Yang Chje bu yo‘nalishda 225 kg natija bilan o‘z yurishini to‘xtatdi. Xitoylik atletning bu ko‘rsatkichi unga ikki kurashda bronzani taqdim etdi.

O‘zining ikkinchi urinishida 234 kg toshni ko‘tara olgan Akbar Jo‘rayev ham siltab ko‘tarish, ham ikki kurashda Osiyo rekordini yangiladi. Ammo, uning rekordini birozdan keyin Rio-2016 olimpiadasi g‘olibi, Osiyo va jahon chempioni Ruslan Nuriddinov ortda qoldirdi. U o‘zining ikkinchi urinishida 235 kg natija qayd etgan bo‘lsa, so‘nggi urinishida 241 kg toshni o‘ziga bo‘ysundirdi va katta sportga qaytishini shu tariqa olamshumul g‘alaba bilan qarshi oldi.

«Musobaqa g‘oliblari Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov hamda MOQ raisining o‘rinbosari Azizjon Komilovlar tomonidan taqdirlandi», – deyiladi Turizm va sport vazirligi sayti xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Antidoping qoidalarini buzgani sababli ikki yilga sportdan chetlatilgan og‘ir atletikachi Ruslan Nuriddinovning diskvalifikatsiya muddati 2020 yilning dekabrida tugagandi.

Ma’lumot uchun, Ruslan Nuriddinov 2012 yilda Londondagi Olimpiya o‘yinlarida 105 kilogramm vazn toifasida 4-o‘rinni qo‘lga kiritgan. 2016 yilgi Olimpiadada esa siltab ko‘tarishda olimpiya rekordini (237 kg) o‘rnatgan holda oltin medalga ega chiqqandi

image