fbpx Betguru » Navbatdagi chempionlik sari navbatdagi qadam. «Real» «Liverpul»ni oson yengdi
Monday, 4 November 2024
← Go to the news

Navbatdagi chempionlik sari navbatdagi qadam. «Real» «Liverpul»ni oson yengdi

Qaymoqranglilar «Liverpul»ni sochib tashladi — 3:1.

Chempionlar ligasi. 1/4 final. Birinchi o‘yin
«Real» — «Liverpul» — 3:1 (2:0)
Gollar: Vinisius Junior, 27 (1:0). Asensio, 36 (2:0). Saloh, 51 (2:1). Vinisius Junior, 65 (3:1).
«Real»: Kurtua, Nacho, Mendi, Eder Militao, Modrich, Kroos, Kazemiro, Benzema, Vaskes, Asensio (Valverde, 70), Vinisius Junior (Rodrigo, 85).
«Liverpul»: Alisson, Robertson, Aleksandr-Arnold, Fillips, O‘zan Kabak (Shaqiri, 81), Veynaldum, Fabinyu, Keyta (Tiago Alkantara, 42), Saloh, Mane, Jota (Roberto Firmino, 81).
Ogohlantirishlar: Mane, 39. Vaskes, 49. Tiago Alkantara, 56. Aleksandr-Arnold, 83.
Hakam: Brix (Germaniya).
6 aprel. Madrid. «Alfredo di Stefano» stadioni.

Mezbonlardan Serxio Ramos, Rafael Varan va Dani Karvaxalsiz o‘ynay olmasdi. Boshqa tomondan Militao, Nacho va Lukas Vaskes — boshlang‘ich tarkibda. Mehmonlarda Virjiyl van Deyk, Jo Gomez, Joel Matip va Jordan Henderson maydonga tushmasligi ma’lum edi. Klopp himoya markazida Nataniel Fillips — O‘zan Kabak juftligini tushirishga majbur edi. Militao va Nacho — Fillips va Kabak bilan solishtirganda bir bosh baland turishi ma’lum, ammo bu juftlik doim ham birga harakat qilavermaydi. Ammo, boshqa tarafdan kuchlarning bunday taqsimotidan o‘yin gollarga boy bo‘lishini kutish mumkin edi.

Bular bir qarashda uyg‘onadigan taassurotdir. Chunki Ramos, Varan, van Deyk — ular shunchaki himoya bilan shug‘ullanadigan futbolchilarmas. Ular birinchi pasni berishadi, pressinglarga qarshi turishadi — umuman olganda, hujumlarni boshlab berishadi. Bu ma’noda «Real»ning resurslari ko‘p edi, Zinedin Zidan esa bu kuchdan aql bilan foydalandi.

«Liverpul» dam olish kunlarida «Arsenal»ga qarshi ajoyib o‘yin o‘tkazgan va barcha qizillar o‘tgan yilgi darajasiga qaytayotgani haqida gapira boshlagandi. Ammo hozirgi «Arsenal» taqqoslash uchun munosib raqibmi?

«Liverpul»ning bosimidan chiqish uchun Madrid juda oddiy yo‘l tanladi — Vinisiusga uzun diagonallar uzatish. Tarkibda Kroos va Modrich borligi bu ishni maromida uddalashga imkon berdi. Birinchi va ikkinchi gollar urilgan vaziyatlarda germaniyalik futbolchida barchasini rejalashtirish va baholash uchun keragidan ortiq vaqt va ochiq hududlar bo‘ldi — unga ikki holatda ham alohida bosim o‘tkazishmagandi.

Chap qanotdan markazga yaqinroq o‘ynagan braziliyalik hujumchi Trent va Filippsdan osonlik bilan qochib ketdi va Krossning uzatmasini yelkasi bilan to‘g‘rilab olib, Alissonni dog‘da qoldirdi.

Birinchi gol «Liverpul»ni uyg‘otishdan ko‘ra, «Real»ni ilhomlantirdi. Ko‘p o‘tmay ikkinchi gol urildi: yana Kross va yana himoyadagi xato. Bu vaziyatda Trent Aleksandr-Arnold qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi. «Liverpul»ning o‘ng qanot himoyachisi faoliyatida ilk marta jiddiy pasayishni boshdan kechirmoqda, uni terma jamoaga ham chaqirmay qo‘yishdi, ammo «Arsenal» bilan o‘yindagi harakatlaridan keyin avvalgi TAA qaytgandek tasavvur hosil bo‘lgandi. Ammo Madriddagi o‘yin u uchun juda muvaffaqiyatsiz kechdi. U har doimgidek oldinroqqa chiqib o‘ynadi, bundan esa Vinisius foydalandi, qolaversa, Fillipsa va Kabak uning orqasini yaxshi yopa olishmadi. «Liverpul» o‘yin davomida ko‘p bor to‘p yo‘qotdi – Trentning o‘zida birinchi bo‘limda 13 bor yo‘qotish bo‘ldi.

Ikkinchi gol urilgan vaqtda Trent toyib ketdi va to‘pni Marko Asensioga topshirib qo‘ydi, ispaniyalik hudumchi esa to‘pni Alisson ustidan oshirib o‘tib, keyin bo‘sh darvozani ishg‘ol qildi.

Trent esa o‘yin oxirida asablarini jilovlay olmadi va qanot hakamiga baqirib qoldi, lekin hakam unga sariq kartochka ko‘rsatib o‘tirmadi.

Ikkinchi qanotda Asensio va Vaskes tomonidan doimiy ravishda bosim ostida qolgan Endi Robertsonning o‘yini ham chiqmadi. Shunday qilib, o‘tgan mavsumlarda mersisaydliklarning tashrif qog‘ozi bo‘lib xizmat qilgan pleymeyker-qanot himoyachilari ish bermadi. Achinarli natija — birinchi bo‘limda birorta zarba berilmadi. Umuman — na qiyshiq ketgan va na himoyachilar tomonidan to‘sib qolingan zarba berildi.

42-daqiqada Nabi Keyta maydondan olinib, Tiago Alkantara tushirilishi Kloppning rejalari xato bo‘lib chiqqanini tan olishidek edi.

Tanaffusdan keyin «Liverpul» o‘yinini jonlantirdi, gap faqat o‘yinchi almashtirishlarda emas, jamoaviy tezlik oshirildi. Salohning goli shu o‘zgarishlar ifodasi bo‘ldi: mehmonlar pas orqali raqib pressingini yengib, butun maydonni kezib o‘tishdi. Birinchi bo‘limda jamoa aynan pressingdan chiqa olmagandi – paslarda aniqlik yetishmagan, harakatlanishda esa tezlik. Paslarda aniqlik va harakatlanishda tezkorlik paydo bo‘lgach, gol ham keldi. «Real» bu vaziyatda ham yaxshi pressing uyushtirdi, ammo Aleksandr-Arnold to‘pni Vinisiusdan o‘tkazib berdi, Veynaldum esa yorqin o‘yin ko‘rsatdi: murakkab vaziyatda Saloh bilan devor o‘ynab, Kazemironing podkatidan qutulib qoldi va o‘z vaqtida Jotani to‘p bilan ta’minladi. Portugaliyalik hujumchi esa raqib jarima maydoniga yorib kirdi va zarba berishga harakat qildi, ammo uning zarbasi Modrichga tegib yo‘nalishini o‘zgartirdi, to‘pga Muhammad Saloh birinchi yetib kelib, safardagi muhim golni urdi. Vaziyat VAR tomonidan tekshirildi – yakunda Saloh Vaskes tufayli ofsayddan qutulib qolgani ma’lum bo‘ldi.

Misrlik hujumchining golidan keyin ikki tomon ham hujumlarni ko‘paytirdi. Lekin golni yana mezbonlar urishdi – Vinisius faoliyatida YeCHL o‘yinida ilk bor dubl qayd etdi. Modrich qanotdan jarima maydoniga osonlik bilan kirib, qulay vaziyatda turgan braziliyalik futbolchiga to‘pni uzatdi, u esa hech qanday qarshilikka uchramay to‘pni darvozaga yo‘naltirdi.

So‘nggi o‘n daqiqalikda «Liverpul» maydon egalarini jarima maydoniga qamab qo‘ydi, ammo endi kech edi. Ramos va Varansiz ham himoya turib berdi.

Jamoalar 2018 yil Kiyevdagi final hisobini takrorlashdi. 1:3 — bu hukm emas, jamoa o‘z uyida 2:0 hisobiga o‘ynashi yetarli bo‘ladi. Ammo, masalan, Istanbul-2005da jamoa 30 ming muxlisi qarshisida YeCHL finalini his qilgan holda «Milan»ga qarshi kambek sodir etgan, «Barselona»-2019da ham inglizlar «Enfild»ni to‘ldirib o‘tirgan muxlislari qarshisida to‘p surgandi. Jamoaning irodasi haqida javob bahsiga qadar butun hafta mobaynida gapirib yurishlari tayin, ammo muxlislarsiz taqqoslash noo‘rin.

Qolaversa, Klopp jamoasi ispanlarga qarshi juda muvaffaqiyatsiz o‘ynagan: 7 mag‘lubiyat («Atletiko» va «Real»ga ikki martadan, «Sevilya», «Barsa» va «Vilyarreal»ga bir martadan), ikki durang («Sevilya»ga qarshi o‘yinlar) va faqat ikki g‘alaba. Ulardan birini barcha yaxshi eslaydi («Kamp Nou»dagi 0:3dan keyin «Enfild»dagi 4:0), ikkinchisi 2015/16 yilgi mavsumda Yevropa Ligasi yarim finalida «Vilyarreal»ga qarshi o‘yinda.

Jamoa «Real»ga qatorasiga to‘rtinchi uchrashuvda yutqazdi: YeCHL finaliga qadar 2014-15 yilgi mavsumda YeCHL guruh bosqichida ikki mag‘lubiyat qayd etilgandi.

Ammo statistika germaniyalik murabbiyni tashvishga solmayotgani aniq – endi javob bahsiga hujumkor taktika tuzish darkor.

«Real»da esa qandaydir o‘zgachalik bor, bu jamoa DNKsida chempionlik bor. O‘tgan mavsumda Zidan va jamoa «Manchester Siti»ga mag‘lub bo‘li, Chempionlar ligasini 1/8 finalda tark etganini eslashning hozir ahamiyati yo‘q, tan olish kerakki, qaymoqranglilar fransuz murabbiy boshchiligida muhim o‘yinlarga ajoyib tayyorlanishadi. Shu tufayli, uning boshqaruvida jamoa Ispaniyada faqat bitta sovrin olgani holda, YeCHLda uch bor zafar quchgan.

Aftidan, to‘rtinchi sovrinni orzu qilish uchun asoslar yetarli.

image