fbpx Betguru » YCHL. “Inter” javob o‘yinida ham “Milan”ni mag‘lub etib, final yo‘llanmasiga ega bo‘ldi
Tuesday, 23 April 2024
← Go to the news

YCHL. “Inter” javob o‘yinida ham “Milan”ni mag‘lub etib, final yo‘llanmasiga ega bo‘ldi

Futbol bo‘yicha Yevropa Chempionlar Ligasining yarim final javob bahsida “Inter” va “Milan” jamoalari 16-may, seshanba kuni o‘zaro to‘qnash keldi.

Uchrashuvdagi yagona gol 74-daqiqada “Inter” hujumchisi Lautaro Martines tomonidan urildi.
Shu tariqa “Inter” har ikki o‘yinda g‘alaba qozonib, final yo‘llanmasiga ega chiqdi. Dastlabki o‘yinda “nerazzuri” 2:0 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritgandi.
Simone Inzagi shogirdlari hal qiluvchi bahsda “Manchester Siti” — “Real” juftligi g‘olibi bilan kuch sinashadi.

Gol: 1:0 – 74 Martines

“Inter”: Onana, Dumfris, Darmian, Acherbi, Bastoni, Dimarko (Gozens, 66), Mxitaryan (Brozovich, 44), Chalxono‘g‘lu, Barella (Galyardini, 84), Jeko (Lukaku, 66), Martines (Korrea, 84).

“Milan”: Menyan, Kalabriya, Tomori, Tiav (Kalulu, 64), Ernandes, Krunich, Braim Dias (Origi, 76), Tonali, Rafael Leau, Messias (Salemakers, 76), Jiru.

Ogohlantirishlar: Tiav (56), Barella (79), Tonali (79), Krunich (81), Tomori (82), Martines (82).

Uchrashuvga oid raqamlar va faktlar

“Milan” va “Inter” tarixda birinchi marta bir mavsum davomida 5 marta o‘zaro to‘qnash keldi. 1973/74-yilgi mavsumdan keyin ilk bor “Inter” hamshaharini bir mavsum davomida 4 marta mag‘lub etdi.
“Inter” o‘z tarixida oltinchi marta Chempionlar Ligasi finaliga chiqdi. Bungacha jamoa 1963/64, 1964/65, 1966/67, 1971/72, 2009/10-yilgi mavsumlarda musobaqa finaligacha yetib kelgan. Milanliklar musobaqaning 3 karra g‘olibi (1962, 1965, 2010) hisoblanadi. “Inter” o‘zi uchun oxirgisi bo‘lib turgan 2010-yilgi finalda Joze Mourinyo boshqaruvida g‘alaba qozongandi.
“Milan” uchinchi marta Yevropa Chempionlar Ligasi yarim finalidan o‘ta olmadi. Jamoa bungacha 1955/56-yilgi mavsumda “Real Madrid” va 2005/06-yilgi mavsumda “Barselona”ga mag‘lub bo‘lgandi.
Italiya klubi 6 yil deganda ilk bor YCHL finaliga chiqdi. Oxirgi marta “Yuventus” 2016/17-yilgi mavsum finalida qatnashgan va “Real”ga yutqazgandi.
“Inter” futbolchisi Genrix Mxitaryan Yevropa Chempionlar Ligasi finaliga chiqqan birinchi armanistonlik futbolchiga aylandi. U yarim finalning dastlabki uchrashuvida “Milan” darvozasiga gol urgandi.
“Milan” o‘z tarixida birinchi marta “Inter”ga qarshi qatorasiga 4 ta uchrashuvda gol ura olmay (0:1, 0:2, 0:1, 0:3), mag‘lub bo‘ldi.
Lautaro Martines “Inter” safida Chempionlar Ligasidagi o‘ninchi golini urdi va bu borada Samyuel Eto’O bilan tenglashib oldi. Faqat Adriano (14), Xulio Kruz (13) va Ernan Krespo (11) undan ko‘proq gol urgan. Shuningdek, argentinalik futbolchi faoliyati davomida birinchi marta ketma-ket ikki mavsumda 25 ta gol urdi.
Shuningdek, Lautaro “Milan”ga 8 marta gol urdi. “Inter” tarixida faqat Juzeppe Meatssa (12) va Ishtvan Niyeresh (11) yaxshiroq natijaga ega.
Simone Inzagi “Inter” bilan Yevropaning birinchi raqamli turniri finaliga chiqqan ikkinchi italiyalik murabbiy bo‘ldi. Bungacha 1972-yilda Jovanni Invernitssi “neradzuri” bilan Chempionlar Kubogi finaliga chiqqan. Unda jamoa “Ayaks”ga 0:2 hisobida mag‘lub bo‘lgandi.

image