Friday, 3 February 2023
← Go to the news

Barselona» “Real”ni magʻlub etib, Ispaniya Superkubogi sohibiga aylandi

Ispaniya Superkubogi-2022/23 finali doirasida “Barselona” “Real”ni magʻlub etib, 5 yillik tanaffusdan keyin ushbu sovringa ega chiqdi.

Soʻnggi yillarda Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoddagi “Qirol Fahd xalqaro stadioni”da oʻtayotgan ushbu turnirning hal qiluvchi bahsida saudiyalik muxlislar ilk bor “El-Klasiko” guvohiga aylanishdi.

Shiddatli oʻtishi kutilgan bahsning birinchi boʻlimidayoq Kataloniya klubi ikkita gol kiritib, tanaffusga ishonchli gʻalaba bilan chiqdi. Dastlab Gavi hisobni ochgan boʻlsa, boʻlim yakunida uning oʻzi Levandovskining goliga hammualliflik qildi – 2:0.

Ikkinchi boʻlimning 69-daqiqasida Gavi jamoasining uchinchi golini ham yaratdi. Uning oʻyindagi 2-assistidan keyin Pedri hisobdagi farqni yiriklashtirib, amalda final taqdirini hal etdi – 3:0.

90+3-daqiqaga kelib madridliklardan Karim Benzema farqni biroz qisqartira oldi, xolos – 1:3.

Shu tariqa, Xavi 2010 yildan buyon finallarda magʻlub boʻlmayotgan Karlo Anchelottining statistikasini buzishga erishdi. “Barsa” esa 2018 yildan keyin 5 yil oʻtib Ispaniya Superkubogi sohibiga aylandi. Bu bilan Kataloniya klubi oʻz tarixida 14-marta Ispaniya Superkubogi sohibiga aylandi. “Real”da ushbu sovrin 12ta. Ushbu sovrin “Barsa”ning mavsumdagi dastlabki yutugʻiga aylandi.

Ispaniya Superkubogi. Final
Real Madrid – Barselona – 1:3
Ar-Riyod, “Qirol Fahd xalqaro stadioni”
Gollar: 0:1 – 33 Gavi, 0:2 – 45 Levandovski, 0:3 – 69 Pedri, 1:3 – 90+3 Benzema.
Real Madrid – Kurtua, Karvaxal (Nacho, 72), Ryudiger, Militao, Mendi, Modrich (Sebalyos, 65), Kroos (Asensio, 72), Kamavinga (Rodrigo, 46), Valverde, Benzema, Vinisius Junior.
Barselona – ter Stegen, Arauxo (Erik Garsiya, 86), Kristensen, Kunde, Balde, Buskets, de Yong (Kessie, 87), Pedri (Serdji Roberto, 90), Gavi (Fati, 90), Levandovski, Dembele (Rafinya, 78).
Ogohlantirishlar: Mendi (32), Kristensen (49), Arauxo (68), Valverde (82).