Friday, 3 February 2023
← Go to the news

JCH-2022. Marokash ertagi davom etadi! Portugaliya turnirdan chiqarib yuborildi


Marokash Ispaniyadan keyin, Portugaliyani ham sensatsion tarzda turnirdan chiqarib yuborib, Afrika jamoalari tarixida ilk marta jahon chempionati yarimfinaliga yo‘llanma oldi.

«At-Tumama» stadionida kechgan chorakfinal uchrashuvida turnir kashfiyotiga aylangan Marokash g‘oliblikka da’vogarlardan biri Portugaliyaga qarshi saf tortdi. Avvalgi o‘yindagidek bu safar ham portugallar safida jamoa yulduzi Ronaldu zaxirada qoldi.

Tengkurashlar ostida o‘tgan birinchi bo‘limning 42-daqiqasida jarima maydoniga yetkazilgan to‘pga darvozabon Koshtadan ildamroq harakat qilgan An-Nosiri stadionni larzaga keltirdi – 1:0.

Ikkinchi bo‘limda Fernandu Santush Krishtianuni maydonga tushirishga majbur edi. Chunki portugallar hujumkorlikni oshirishga majbur edilar. Shunga qaramay, Marokash himoya qo‘rg‘oni turnirdagi bexato harakatlarini davom ettirib, yakunda navbatdagi sensatsion g‘alabasini qo‘lga kiritdi.

Shu tariqa, Marokash o‘z tarixi va Afrika jamoalari tarixida ilk marta jahon chempionati yarimfinaliga yo‘llanma oldi. Ular final yo‘llanmasi uchun kurashda Angliya – Fransiya o‘yini g‘olibiga qarshi maydonga tushishadi.

JCH-2022. Chorakfinal. 10 dekabr
Marokash – Portugaliya – 1:0
Gol: 1:0 – 42 An-Nosiri.
Marokash – Bunu, Hakimi, Saiss (Dari, 57), Al-Yamik, Attiyyat-alla, Amrabat, Amalla (Sheddira, 65), Unai, Ziyosh (Abuhilol, 82), Bufal (Jabran, 82), An-Nosiri (Banun, 65).
Portugaliya – Diogu Koshta, Diogu Dalot (Rikardu Orta, 79), Pepe, Ruben Diash, Gerreyru (Joau Kanselu, 51), Otavio (Vitinya, 69), Bernardu Silva, Ruben Nevesh (Ronaldu, 51), Brunu Fernandesh, Joau Feliks, Gonsalu Ramush (Rafael Leau, 69).
Ogohlantirishlar: Dari (70), Vitinya (87).