fbpx Betguru » Husanovdan keyin navbat Hasаnov va Sodiqovga – Oʻzbekiston U17 jamoasining ikki aʼzosi Portugaliya klubiga oʻtmoqda
Thursday, 23 April 2026
← Go to the news

Husanovdan keyin navbat Hasаnov va Sodiqovga – Oʻzbekiston U17 jamoasining ikki aʼzosi Portugaliya klubiga oʻtmoqda

Futbolchilarning transfer narxi ham ochiqlandi.

Husanovdan keyin navbat Hasаnov va Sodiqovga – Oʻzbekiston U17 jamoasining ikki aʼzosi Portugaliya klubiga oʻtmoqda

Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasi aʼzolari Sadriddin Hasanov va Sayfiddin Sodiqov faoliyatini Yevropada davom ettirishi kutilmoqda.

Rossiyalik insayder Ivan Karpovning yozishicha, Portugaliyaning «Braga» klubi oʻzbekistonlik 17 yoshli ikki futbolchini «Bunyodkor» klubi va Odil Ahmedov futbol akademiyasidan bir yillik ijara asosida oʻz safiga qoʻshib olishga qaror qilgan. Hasanov va Sodiqov 2026 yilning yozida 18 yoshga toʻlgach, «Braga» safiga qoʻshiladi.

Qayd etilishicha, Portugaliyaning 4-klubi sanaladigan «Braga» rahbariyati oʻzbekistonlik yosh iqtidorlarni Qatarda oʻtgan oʻsmirlar oʻrtasidagi JCH-2025da kuzatib borgan. Har ikki futbolchi dekabr oyida portugal klubi taklifiga koʻra, jamoada ikki haftalik yigʻinda qatnashgan va murabbiylar shtabida iliq taassurot qoldirgach, bu borada rasmiy taklif joʻnatgan.

Manbaga koʻra, «Braga» va oʻzbek klublari oʻrtasidagi kelishuvga binoan, portugal klubi futbolchini ijara muddati yakuniga yetgandan keyin oʻz safida qoldirishga qaror qilsa, Sadriddin Hasanovni 250 ming yevro, Sayfiddin Sodiqovni esa 300 ming yevroga sotib olishi va 5 yillik shartnoma imzolanishi belgilangan.

«Bu maʼlumotlarni aslida klublar eʼlon qilishi lozim. Bu yigitlar allaqachon Portugaliyada boʻlib, klubda sinovdan oʻtishdi. Hozircha sizga faqat shuni maʼlum qila olaman. Qolganini klublar rasmiy eʼlon qilishini kutamiz», — dedi futbolchilarning huquqini himoya qiluvchi ProSports Management agentligi rasmiysi, sobiq futbolchi Yegor Krimets.

«Oʻzbekistonlik yangi duet Portugaliyadagi faoliyati orqali Abduqodir Husanov, Eldor Shomurodov kabi futbolchilar yoʻlini takrorlashga urinib koʻradi», — deyiladi xabarda.

Esatib oʻtamiz, 17 yoshli hujumchi Hasanov 2025 yil yakunlariga koʻra The Guardian tasnifiga koʻra jahonnning eng iqtidorli 60 futbolchisi reytingidan joy olgandi. U Osiyo kubogi U17 turnirining eng yaxshi oʻyinchisi deb topilgandi. 2025 yil yakunida esa OʻFA tomonidan Oʻzbekistonning eng yaxshi yosh oʻyinchisiga aylangandi. Sodiqov esa Osiyo kubogi U17ning eng yaxshi assistentiga aylangandi.

Ma’lumot uchun, «Braga» Portugaliya chempionatida «Portu», «Befika» va «Sporting»dan keyingi 4-oʻrinni egallab turibdi. Yevropa ligasida esa yarimfinalga yoʻl olib, «Frayburg»ga qarshi maydonga tushadi.

image