JCH-2026 finali chiptalari 4000 dollardan boshlanadi. Muxlislar uyushmasi norozilik harakati boshladiQatardagi mundial finaliga taqqoslansa, 7 baravar qimmat.
JCH-2026 finali chiptalari 4000 dollardan boshlanadi. Muxlislar uyushmasi norozilik harakati boshladi
2026 yildagi Jahon chempionati finali uchun «budjet toifasi»dagi chiptalar narxi 4185 AQSh dollaridan boshlanadi, deb xabar beradi BBC.
Final uchun eng arzon chipta narxi 2022 yildagi Jahon chempionati bilan solishtirganda deyarli yetti baravar oshgan. Qatarda ochiq savdoda eng arzon chiptalar 600 dollar bo’lgan.
Manbaga ko’ra, 17 iyundagi Angliya – Xorvatiya uchrashuvi uchun chiptalar 265 dollardan boshlanadi. Chorakfinal o’yinlari uchun chipta narxlari 680 dollar, yarimfinal uchun esa 920 dollardan boshlanadi.
Yevropa futbol muxlislari uyushmasi FIFAning «talonchilikka o’xshash» narx siyosatidan «hayratga tushganini» bildirdi. Muxlislar chipta savdosini darhol to’xtatishni talab qilib, eng arzon toifadagi chiptalarning mavjud emasligi «jahon chempionati an’analariga katta xiyonat» ekanini, shuningdek, bu holat «muxlislarning ushbu tomoshaga qo’shadigan hissasini inkor etishini» ta’kidlashmoqda. Ushbu guruhning ta’kidlashicha, FIFA chipta savdosini darhol to’xtatishi, barcha manfaatdor tomonlar bilan maslahatlashuv o’tkazishi va jahon chempionati an’analari, uning ommabopligi hamda madaniy ahamiyatiga hurmat bilan yondashadigan yechim topilmaguncha chipta narxlari hamda toifalarini qayta ko’rib chiqishi lozim.
«2018 yilda e’lon qilingan ariza hujjatlarida chiptalar 21 dollardan boshlanishi va’da qilingandi. O’sha chiptalar qayerda? Xuddi o’sha hujjatga ko’ra, finalgacha bo’lgan barcha o’yinlar uchun eng arzon toifadagi chiptalar narxi 2242 dollar bo’lishi kerak edi. Bu va’da allaqachon buzilgan», – deya bayonot berdi Yevropa futbol muxlislari uyushmasi.
Deutsch
English
France
Russian
Turkey
Uzbekistan