fbpx Betguru » YeCHL anonsi. «Siti» — favorit, Holand gol urishda davom etadimi?
Saturday, 27 April 2024
← Go to the news

YeCHL anonsi. «Siti» — favorit, Holand gol urishda davom etadimi?

Bugun, 6 apreldan 7 aprelga o‘tar kechasi Chempionlar ligasida chorak final bahslari boshlanadi. Yarim final yo‘llanmasi uchun «Manchester Siti» – «Borussiya» D jamoalari ilk uchrashuvni o‘tkazishadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan soat 00:00da start oladi.

Bu juftlikda «Manchester Siti» yaqqol favorit sifatida ko‘rilmoqda. Ammo o‘tgan mavsumda Gvardiola jamoasi shu bosqichda «Lion»ga mag‘lub bo‘lib, turnirdan chiqib ketgandi.

«Borussiya»da Erling Holand bor, ammo Pep Gvardiola mavsum davomida shunday jamoani shakllantirdiki, bu jamoani o‘n yil oldingi «Barselona» bilan taqqoslashmoqda.

Tarix

«Manchester Siti» va «Borussiya» Chempionlar Ligasida ilk marta 2012/13 yilgi mavsumda ro‘baru kelishgan. O‘sha paytlarda manchesterliklar uzoq tanaffusdan so‘ng, endigina YeCHLda o‘ynay boshlashgan, shuning uchun doim «o‘lim guruhi»dan joy olishardi. «Real», «Borussiya», «Ayaks» va «Manchester Siti» o‘rin olgan guruhni dortmundliklar peshqadam sifatida yakunlashgan bo‘lsa, «shaharliklar» atigi uch durang bilan so‘nggi o‘rinni olishgandi. O‘zaro o‘yinlar Manchesterda durang, Germaniyada 1:0 hisobida mezbonlarning g‘alabasi bilan yakunlangan. O‘sha mavsumda Klopp boshqaruvida bo‘lgan nemislar finalgacha yetib borgan va finalda Germaniyaning boshqa bir klubi «Bavariya»ga yutqazgandi.

O‘sha o‘yinlarda to‘p surgan futbolchilardan Dortmundda Marko Roys, Mats Hummels, Marsel Shmelser, Lukash Pishchek qolgan. Roys Manchesterdagi birinchi uchrashuvda gol urgandi. Ikkinchi o‘yindagi golni Mario Gyotse penaltidan urgan. Inglizlar jamoasida faqat Serxio Aguero o‘sha o‘yinlar ishtirokchisi bo‘lgan, xolos.

Yana bir qahramonlardan biri esa, Ilkay Gundo‘g‘an edi. U o‘sha mavsumda «Uembli»da o‘tgan finalda «Bavariya» darvozasiga urilgan javob goli muallifi bo‘lgandi. U hozirda «Manchester Siti» a’zosi hisoblanadi va sobiq jamoasiga qarshi to‘p suradi.

Holand muammomi yoki imkoniyat?

«Manchester Siti» barqarorlik va salohiyat borasida Yevropada balki faqat «Bavariya» bilan bir qatorda, eng yaxshi klub bo‘lib turibdi. Tasavvur qiling, Gvardiola APLning 31-turida «Lester»ga qarshi o‘yinda Silva, Sterling, Foden, Gundo‘g‘an, Kanselu kabi asosiy futbolchilarsiz o‘ynab ham, deyarli muammosiz g‘alaba qozondi (2:0). Zaxira imkoniyatlari kengligi – «Siti»ning eng kuchli jihati.

Ammo alohida o‘yinlarda manchesterliklar doim muammolarga duch kelishlari ham bor gap, Chempionlar Ligasidagi mag‘lubiyatlar ham shundan. Agar «Siti» uslubi uchun noqulaylik keltirib chiqaradigan jamoalar bo‘lsa, ulardan biri, albatta «Borussiya»dir. «Siti» bu mavsum davomida 21ta g‘alabali seriya qayd etib, mart oyi boshida «Manchester Yunayted»ga yutqazib seriyani to‘xtatdi (undan keyin yana g‘alabali seriya boshlandi). Qarangki, qarshi hujum tezligi, o‘yin uslubi borasida «qizil iblislar» «Borussiya»ga juda yaqindir. Hatto oldingi chiziqdagi ijrochilarga e’tibor qaratilsa, «Dortmund» birmuncha ustunroq ham ko‘rinadi.

«Holand o‘ziga xos taktik rolga ega. Biz uni to‘liq himoyaviy harakatlardan, pressing vazifasidan ozod qildik va har doim oldingi chiziqda ochilish uchun kuch yig‘ishga imkon berdik. To‘pni egallashimiz bilan Erling yugurishi mumkin bo‘lgan ochiq zonalarni qidirdik», – deb izohlagandi Edin Terzich «Sevilya»ga qarshi (3:2) o‘yindan keyin.

Bu qaysidir ma’noda Sulsher Reshfordga bergan rolni eslatib yubormayaptimi? «Borussiya»ning bu quroli yuqori blokda himoyalanadigan jamoalarga qarshi ish beradi albatta. Ammo teskari tomoni ham bor. Masalan, «Bavariya»ga qarshi o‘yinda ham Holandga o‘xshash vazifalar topshirildi – hujumchi bundan foydalanib, ikki gol urdi ham. Lekin raqib himoyalanishda bir kishi kam bo‘lib qolishi «Bavariya» kabi jamoalarga qo‘shimcha qulayliklar ham yaratadi, myunxenliklar 4 gol bilan javob berishdi.

Holand bu juflikdagi intrigalardan biri – OAVda ushbu norvegiyalik futbolchining nomini «Manchester Siti» bilan ham bog‘lashmoqda. Ammo Gvardiola pandemiya davrida qimmatbaho futbolchi sotib ololmasliklari haqida ham aytib o‘tgan. Holand bu o‘yinda ham gol ura olishi — katta savol ostida. «Siti» bu mavsumda juda yaxshi himoyalanmoqda. Chempionlar ligasida «MS» atigi bir marta — guruh bosqichining 1-turida «Portu»dan gol o‘tkazib yuborgandi, jamoa turnirdagi keyingi 7 o‘yinda – 706 daqiqa davomida darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi.

Demak, «Manchester Siti» Holand muammosi bilan shug‘ullanishi barobarida, oldingi chiziqda birmuncha qulay zonalarga ega bo‘lishi mumkin. Muhimi, «Siti» vaziyatlarni ko‘kka sovurishni ko‘paytirib yubormasligi talab etiladi. Boshqa tarafdan, Gvardiola muhim o‘yinlarga avvalgidan biroz boshqacha yondashishni ham boshladi. Masalan, qarshi hujumlarda xavfli bo‘lgan «Lester» bilan o‘yinda Gvardiola ancha ehtiyotkor to‘p surdi va o‘z vaziyatini kutishda sabrni ham namoyish eta oldi.

O‘yin oldidan

Pep Gvardiola: «Balki ushbu mavsumda «Borussiya»da barqarorlik yetishmayotgandir, ammo alohida har bir o‘yinchini olsak – fantastik. Hummels, Jan, Mene, Daud… Holand, Sancho, Azar, Roys, Brandt. Ular pley-offlarda juda yaxshi o‘ynaydigan «Sevilya»ni chiqarib yuborishdi.

Men raqiblarni tahlil qilayotganda turnir jadvaliga qaramayman. Bu 0:0 hisobi bilan boshlanadigan alohida kurash. Ikki o‘yinda kim yaxshiroq o‘ynasa, keyingi bosqichga yo‘l oladi. Albatta, bizda hamma uzoqroqqa borishni istashmoqda. Lekin xohish boshqa, buni maydonda ham amalga oshirish kerak. Ushbu o‘yinga men xuddi avvalgi, undan oldingi, umuman, so‘nggi to‘rt oydagi har bir o‘yinga qanday tayyorlangan bo‘lsam, shunday tayyorlandim».

Edin Terzich: «Shanba kungi o‘yindan juda xafaman. Bizga qaratilayotgan tanqidlarda, albatta, jon bor. Ammo hammasini salbiy qabul qilish kerak emas. Bizda yetarlicha daraja bor va buni yaxshi bilamiz. Aynan o‘sha sifatni namoyish qilishimiz lozim.

«Siti» – bugungi kunda dunyoning eng kuchli jamoasi. Har ikki safar ham biz eng yaxshi o‘yinimizni ko‘rsatishga to‘g‘ri keladi. Raqib ko‘p vaqt mobaynida to‘pni nazorat qiladi, bunga tayyor turishga majburmiz. Ular bizni himoyaga qamashga harakat qilishadi, tabiiyki, biz uchun ochiq zonalar yuzaga keladi. To‘pni egallab olganimizda, kerakli ishni qilamiz, bu pallada bizni ham to‘xtatib qolish oson emas».

Tarkiblar

«Manchester Siti» tarkibini oldindan topish qiyin, intriga hatto himoya markazidan boshlanadi. Laport, Stounz, Diash uchligi navbati bilan tandemda o‘ynab kelishmoqda. «Lester»ga qarshi o‘yinda Kanselu va Zinchenko dam olishganidan, bugun maydonga tushishlarini taxmin qilish mumkin. Lekin o‘sha o‘yinda Mendi ham o‘zini yaxshi ko‘rsatdi, tezkor qarshi hujumlarni inobatga olib, Gvardiola Zinchenkoni yana zaxirada qoldirishi ham mumkin. «Lester» bilan o‘yinda Aguero ham, Jezus ham asosiy tarkibda harakat qilishdi, demak, ularni asosiy tarkibda kutish qiyin. Sababi, Bernardu Silvaning safga qaytishi De Bryuynening oldingi chiziqqa o‘tishini taqozo qiladi. Belgiyalik futbolchi aynan aldamchi to‘qqizlik pozitsiyasiga o‘tganida «Manchester Siti» Silva – Gundo‘g‘an – De Bryuyne uchligidan optimal foydalana oladi.

Terzichda hamkasbi kabi komfort yo‘q, u tarkibdagi jarohatlanganlardan kelib chiqib, maydonga tushadiganlarni aniqlashga majbur. Masalan, «Manchester Siti» tarbiyalanuvchisi Jeydon Sancho shu xarakterdagi o‘yinlar uchun juda mos bo‘lardi, lekin hali tiklanib ulgurmadi.

Taxminiy tarkiblar

«Manchester Siti»: Ederson, Kanselu, Stounz, Diash, Zinchenko, Rodri, Gundo‘g‘an, Bernardu, De Bryuyne, Sterling, Mahrez;

«Borussiya» D: Hits, Jan, Akanji, Hummels, Gereyru, Dileyni, Daud, Billingem, Azar, Roys, Holand.

image